SUDLAR FAOLIYATIGA SUN’IY INTELLEKT TEXNOLOGIYALARI JORIY ETILADI

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish va odil sudlovni samarali ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda, shu bilan sohaga yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda va bu borada ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilinib, sud-huquq sohasini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.
Bu borada olib borilayotgan islohotlar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning davomi o‘laroq kuni kecha, aniqrog‘i joriy yilning 21 avgust kuni Davlatimiz rahbarining sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish va bu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish borasidagi yana ikkita muhim hujjati – “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-140-sonli va “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-141-sonli Farmonlari qabul qilindi.
Xususan, “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonga to‘xtaladigan bo‘lsak, Farmonning qabul qilinishidan maqsad sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, sudlarning moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashdan iboratdir.
FARMONNING MOHIYATI VA AHAMIYATI.
Farmon bilan:
Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarnıng yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reestrini yuritish;
sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish;
iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;
“Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
Farmonga ko‘ra:
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini ko‘rishni soddalashtirish maqsadida quyidagilar belgilandi, xususan “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:
sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;
murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi;
taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi;
sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi;
sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritiladi;
sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi;
sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.
2025 yil yakuniga qadar, tajriba tariqasida Toshkent shahrida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlisi zallari tashkil etiladi.
Shuningdek, Farmon bilan sud sohasini raqamlashtirishning istiqboldagi rejaları belgilab, 2025 – 2027 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi.
Dasturda quyidagilar nazarda tutilgan:
2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish;
2025 yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish;
2026 yil 1 yanvardan boshlab “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish;
2026 yil 1 martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish;
2026 yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqish.
Farmonga asosan Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Savdo-sanoat palatasining 2026 yil 1 yanvardan boshlab iqtisodiy sudlar tizimida iqtisodiy sudlarni maqbullashtirish orqali tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarini tugatish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Qolaversa, Farmon bilan 2025 – 2030 yillarda sud binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Bunda yangi sud binolarini qurishda va mavjudlarini mukammal ta’mirlashda “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilishi belgilandi.
Shu bilan birga Farmonda 2025 – 2030 yillarda sud sohasini raqamlashtirish hamda sud binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika va hududiy ishchi komissiyalar tashkil etilishi nazarda tutilib, Respublika ishchi komissiyasiga mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlar va topshiriqlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar yuklatildi.
Mo‘minjon Umarov, Farg‘ona viloyat sudining sudyasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

So‘x tumanida bajarilgan qurilish ishlari hajmi qanchaga o‘sgan?

Milliy libos kuni – milliy qadriyatlarimiz targ‘ibi

Soʻx tumanida fuqarolar qabullari davom etmoqda


Soʻx tumanida yangi tez tibbiy yordam stansiyasi foydalanishga topshirildi