Inson qadriga e’tibor – ezgu amallarda namoyon








Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga izchil tatbiq etish doirasida So‘x tumanida ham qator xayrli va ma’naviy ahamiyatga ega ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali oilalar hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar har kuni yangi misollar bilan boyib bormoqda.
Shu ma’noda, Lenbur mahalla fuqarolar yig‘inida tuman hokimligi, mahalla raisi va “mahalla yettiligi” tashabbusi bilan fuqaro, II-guruh nogironi Subhiddin Haydarov va uning oilasi uchun barcha qulayliklarga ega yangi ikki xonali uy qurib berildi.
Bugun ikki baxtli inson — Subhiddin Haydarov va uning turmush o‘rtoqi Nihoyatxon Haydarovaning shodu xurramligi cheksiz. Ular uchun bu nafaqat yangi uy, balki yillar davomida orzu qilib kelgan ozod va farovon hayot sari yangi qadam bo‘ldi. Hammadan ham bu shodlikni ularning egiz qizlari — Fotimaxon va Zuhroxonlar qalban his etishdi.
Subhiddin aka va Nihoyatxon opaning yaqinlari — singlisi Binoyxon Abdullayeva hamda onasi Alomatxon Ergasheva ham ushbu ezgu tashabbusdan xursand bo‘lib, minnatdorlik so‘zlarini bildirdilar:
“Saxovatpesha insonlar bor ekan, mehr, oqibat va odamiylik jamiyatimizda yanada mustahkam. Barcha bunyodkorlarga rahmat,” — dedilar ular hayajon bilan.
Mazkur quvonchli sana munosabati bilan mahallada tantanali tadbir ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev so‘zga chiqib, tashabbuskorlar va uy qurilishida faol ishtirok etgan mahalla ahliga minnatdorlik bildirdi.
Mahalla raisi Sohibjon Umarov ta’kidlashicha, uy qurilishida mahallaning barcha fuqarolari bunyodkorlik ishlariga o‘z hissasini qo‘shgan. Mahalla yettiligi va faollari tomonidan ham saxovatpesha insonlarga minnatdorlik bildirildi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, So‘x tumanida “Inson qadri uchun” tamoyili nafaqat shior, balki hayotiy amaliyotga aylanib bormoqda. Bu kabi xayrli ishlar nafaqat moddiy yordam, balki odamlar qalbiga mehr va umid ulovchi ezgu sa’y-harakatlardir.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz



Obod yurt – toza kelajak uchun!

Fuqarolar murojaatlari o‘rganildi